Savollar va javoblar
Plandan 3D xona, AI bilan interyer dizayn, akkaunt, narxlar va sotuvchilar uchun panel — MIMORAM AI haqida eng ko‘p so‘raladigan savollar.
MIMORAM AI nima?
MIMORAM AI — brauzerda ishlaydigan interyer dizayni platformasi. Kvartira yoki uy planining rasmini yuklaysiz, u real o‘lchamli 3D xonaga aylanadi. Ichiga katalogdagi mebel va buyumlarni qo‘yasiz, birinchi shaxs bo‘lib yurasiz va jami narxni ko‘rasiz. Hozir erta kirish bosqichida.
Interyer dizaynini AI bilan qanday qilsa bo‘ladi?
Studioda xonani o‘z so‘zlaringiz bilan tasvirlaysiz, masalan: «iliq skandinaviya uslubidagi mehmonxona». AI tasvir bo‘yicha buyumlarni tanlab, xonaga joylashtiradi; keyin istalganini surasiz, almashtirasiz yoki olib tashlaysiz. AI bilan rejalash beta holatida va tizimga kirishni talab qiladi.
Kvartira planidan 3D modelni qanday olaman?
Plan chizmasini yuklaysiz yoki telefonda suratga olasiz (50 MB gacha). MIMORAM xona konturlarini o‘zi topadi, siz tekshirasiz: keraksizini o‘chirasiz, masshtabni bitta devor uzunligi bilan berasiz va devor balandligini yozasiz (2–6 m). Shundan so‘ng xona 3D ko‘rinishda ochiladi, eshik va oynalar chizmadagi joyida turadi. O‘lchamlar siz bergan masshtab qanchalik aniq bo‘lsa, shunchalik aniq.
Ro‘yxatdan o‘tmasdan foydalansa bo‘ladimi?
Ha. Studio va plan importi akkauntsiz ochiladi, loyihalar shu brauzerda saqlanadi. Savat, buyurtmalar, profil va AI bilan rejalash uchun telefon raqamingiz bilan tizimga kirasiz.
Saytga qanday kiraman?
Telefon raqamingizni kiritasiz va bir martalik 6 xonali kod olasiz — parol kerak emas. Raqamingiz MIMORAM Telegram botiga ulangan bo‘lsa, kod Telegramga keladi. SMS orqali yuborish hali yoqilmagan, shuning uchun hozircha avval botni ulang: kod so‘raganingizda kirish sahifasi unga havolani ko‘rsatadi.
Mebel narxlari qayerdan olinadi?
Hozircha katalog asosan «Namuna» belgili namunaviy 3D modellardan iborat: ularning narxi taxminiy, ko‘rsatish uchun qo‘yilgan va ular sotuvda emas. Sotuvchilar panel orqali qo‘shgan mahsulotning narxini sotuvchining o‘zi beradi. Xonaga qo‘ygan buyumlaringiz savatga tushadi, jami narx yonida ko‘rinadi — so‘mda yoki dollarda. Yakuniy narx va mavjudlikni sotuvchi tasdiqlaydi.
Buyurtmani qanday beraman?
Erta kirish davrida buyurtma MIMORAM jamoasi orqali beriladi: savatdagi ro‘yxat bilan Telegram yoki email orqali yozasiz, jamoa siz bilan bog‘lanadi. Saytdagi rasmiylashtirish sahifasi hozircha namoyish rejimida ishlaydi — kartadan pul yechilmaydi.
Mebel sotuvchilari uchun MIMORAM’da nima bor?
Mebel ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar uchun app.mimoram.uz paneli bor: ariza berasiz, tasdiqlangach brend profilini to‘ldirib, mahsulotlarni surat, o‘lcham va narx bilan qo‘shasiz. Mahsulot MIMORAM jamoasi ko‘rib chiqqach katalogga chiqadi va xaridor uni o‘z xonasida sinab ko‘radi.
Eshik sotuvchilari uchun MIMORAM’da nima bor?
Eshik sotuvchilari uchun alohida panel bor — door.mimoram.uz. Tartib bir xil: ariza, tasdiq, brend profili va mahsulotlar.
Dizayner va me’morlarga foydalimi?
Ha. Mijozga xonani chizmadan emas, ichidan ko‘rsatasiz — katalogdagi mahsulotlar va ularning narxi bilan. Har bir buyum narxi va jami summa savatda jamlanadi.
Telefonda ishlaydimi, dastur o‘rnatish kerakmi?
Hech narsa o‘rnatish shart emas: MIMORAM brauzerda — telefonda ham, kompyuterda ham ishlaydi. Xohlasangiz, saytni ilova sifatida bosh ekranga qo‘shishingiz mumkin.
Erta kirish nima va u pullikmi?
Erta kirish — MIMORAMni birinchi foydalanuvchilar bilan birga qurayotgan bosqich. 2–3 daqiqalik so‘rovnoma orqali bepul yozilasiz. Pullik Erta kirish tariflari ham bor: tarifni tanlab joy band qilasiz, bank o‘tkazmasi bilan to‘laysiz va kvitansiyani yuklaysiz — jamoa uni tekshirib tasdiqlaydi.
Ma’lumotlarim qayerda saqlanadi?
Loyihalar, savat va plan rasmi avvalo shu brauzerda saqlanadi. Tizimga kirsangiz, loyiha serverimizga ham saqlanadi. Plan rasmi serverga yuborilmaydi — xonalar brauzeringizning o‘zida aniqlanadi. Batafsil — Maxfiylik siyosatida.
Javob topolmadingizmi?
Bizga yozing yoki studioni o‘zingiz sinab ko‘ring — u akkauntsiz ochiladi.